ToshVZITI olimlari ham ishtirok etgan, farmatsevtika va biotexnologiya sohasidagi yirik ilmiy grant uchun mavzular tanlovi start olmoqda
29–30 may kunlari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida muhim ilmiy-amaliy yig‘ilish bo’lib o’tdi.
Mazkur yig‘ilishda maxsus ilmiy kengash tuzilib, unda yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda farmatsevtik va biotexnologik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi tashkilot olimlari tomonidan taklif etilgan loyiha mavzulari muhokama qilindi.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarni jalb etish va soha uchun dolzarb ilmiy yechimlarga yo‘l ochishdan iborat.
Grant tanlovi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Tashabbus zamonaviy ilmiy yechimlar asosida farmatsevtika salohiyatini oshirish va aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.