TOSHVZITI TASHABBUSI: JURNAL MAQOLALARI UCHUN YANGI ILMIY MAYDON
Toshkent Vaksina va Zardoblar Ilmiy-Tadqiqot Instituti tashabbusi bilan, dunyoga mashhur ilmiy platforma — JoVE (Journal of Visualized Experiments), ya’ni Vizual tajribalar jurnalining Qozog‘istondagi vakili Azgi Almamedova institutga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Qozog‘istonlik vakil tomonidan JoVE platformasining imkoniyatlari, unda maqola chop ettirish tartibi hamda xalqaro ilmiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Mazkur uchrashuvda ToshVZITIning bir qator ilmiy xodimlari ishtirok etib, JoVE platformasi orqali o‘z ilmiy ishlanmalarini xalqaro miqyosda keng yoritish va targ‘ib etish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ayniqsa biologiya, farmakologiya, tibbiyot va kimyo sohalarida maqolalarni interaktiv, vizual va tushunarli shaklda chop etish bugungi zamonaviy ilm-fan rivojining muhim omillaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Ma’lumot o’rnida: JoVE — bu ilmiy eksperimentlar va nazariyalarni videotasvir asosida aniq va tushunarli shaklda taqdim etuvchi birinchi xalqaro ilmiy jurnal bo‘lib, bugungi kunga kelib 1800 dan ortiq universitetlar tomonidan faol foydalanilmoqda.
ToshVZITI mazkur tashrif orqali o‘z ilmiy salohiyatini mustahkamlash, ilg‘or ilmiy jurnallar bilan bevosita hamkorlik o‘rnatish hamda xalqaro tajribani keng joriy etish yo‘lida navbatdagi muhim qadamni tashladi.